Markaziy Osiyo tarixida ilk bor Parlamentlararo ittifoq assambleyasi O‘zbekistonda o‘tkaziladi.

Estimated read time 2 min read

Senat raisi Tanzila Norboyeva Jyenevaga tashrifi doirasida Parlamentlararo ittifoq raisi va bosh kotibi bilan uchrashib, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 150-assambleyasi dasturi, tadbirga doir rejalar va yangi loyihalarni muhokama qildi.

O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Jyeneva shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning (PI) 149-assambleyasida ittifoq raisi Tuliya Ekson bilan uchrashdi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, suhbat davomida so‘nggi yillarda mamlakatdagi iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy himoya tizimining takomillashgani hamda inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash borasidagi islohotlar Tuliya Ekson tomonidan alohida e’tirof etilgan.

Shu bilan birga, Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘nalishidagi faoliyat va bu borada O‘zbekiston parlamenti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar qayd etib o‘tilgan.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo tarixida ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi dasturi, tadbirga doir rejalar va yangi loyihalar ham muhokama qilingan.

Shuningdek, Tanzila Norboyeva PI bosh kotibi Martin Chungong bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralar davomida O‘zbekiston parlamentining Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlik aloqalari, kelgusidagi rejalari ko‘rib chiqilgan.

«O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq faoliyatiga qo‘shgan katta hissasi uchun minnatdorchilik izhor etaman. Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Toshkent shahrida o‘tishi o‘zaro hamkorlikning asosiy voqeligi desam bo‘ladi», — deydi Martin Chungong.

Jyenevaga tashrif davomida Senat raisi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi «Tinch va barqaror kelajak uchun fan, texnologiya va innovatsiyalardan foydalanish» mavzusidagi debatda ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston tomonidan so‘nggi yillarda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilayotgani, bu borada qisqa vaqt ichida ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilingani qayd etilgan. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston 2023 yilda Global Innovatsiyalar indeksi reytingida 2015 yilga nisbatan 40 pog‘onaga ko‘tarilgani alohida e’tirof etilgan.

source

Sizga ham yoqishi mumkin

+ There are no comments

Add yours