“Bu yerda talabaning yangi bilimlarni o‘zi xohlab o‘rganishi birinchi o‘rinda turadi” – Nyu-York universitetining o‘zbekistonlik talabasi.

Estimated read time 5 min read

Zuhriddin Mansurov hozir 19 yoshda. U Qatar va BAAdagi ikki universitetdan jami 630 ming dollarlik grantni qo‘lga kiritgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni xorij OTMga o‘qishga tayyorlovchi loyiha muallifi. Zuhriddin Kun.uz bilan suhbatda hozir o‘zi ta’lim olayotgan Abu Dabidagi Nyu-York universitetidagi o‘qitish tizimi, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirib berdi.

Komfort zona shaxsiy rivojlanishni cheklaydi

Namangan shahridagi prezident maktabida 9-sinfni bitirganimdan keyin Toshkentda xalqaro Vestminster universiteti litseyida o‘qishni davom ettirganman. Ikki yildan so‘ng Qatardagi Jorjtaun universitetiga diplomatiya va xalqaro iqtisod yo‘nalishiga qabul qilinganman. Ushbu universitetdan 300 ming dollar grant yutganman. To‘rt yil davomida 75 ming dollardan mablag‘ ajratilar, barcha xarajatlar qoplab berilardi. Talabalar turar joyida besh yulduzli mehmonxonada yashagandek hayot kechirardik: har bir talabaga bittadan xona, uning ichida darsxona, yotoqxona, oshxona, sanuzel, barchasi alohidadan bo‘lar edi.

Talabalar soni boshqa universitetdagilarga nisbatan kamroq bo‘lgani uchun har bir shaxsga individual yondashilgan holda dars o‘tilardi. OTM Qatarda bo‘lsa ham Amerikadagi universitet bilan bir xil darajada ta’lim berilardi, hatto ba’zi bir Amerikada o‘qib kelgan talabalar Qatardagi o‘qishni qiyinroq deb baholashardi. U yerda ta’lim va yashash yuqori darajada qulay edi, ayni shu tufayli o‘zimda kuchli shaxsiy rivojlanishni ko‘rmadim va o‘qishimni boshqa oliygohga ko‘chirishga qaror qildim. Fikrimcha, komfort zonada doimiy yashash odamni o‘sishdan to‘xtatib qo‘yadi.

Abu Dabida o‘qish “Amerika orzu”sini parchaladi

Jorjtaun universitetida o‘qiyotgan vaqtim 20 ta nufuzli OTMga hujjat topshirdim, ularning orasidan Abu Dabidagi Nyu-York universitetiga 330 ming dollarlik grant yutdim. Hozirda ushbu ta’lim dargohida moliya yo‘nalishida 2-bosqichda o‘qiyapman.

Bolalikdan orzum Amerikada o‘qish edi. Biroq Abu Dabidagi moliyaviy muhitning rivojlanayotgani va bu yerda o‘z soham bo‘yicha katta tajriba maydoni yaratilgani ichimdagi “Amerika orzusi”ni butunlay parchalab tashladi. Hozirda xalqaro banklar o‘z investitsiyalarini Abu Dabiga ko‘chirmoqda, olimlar tadqiqotlariga ko‘ra, bu shahar yaqin 5-6 yil ichida dunyoning moliyaviy markaziga aylanadi.

Fanlar tanlovi keng, fakultet almashtirish imkoniyati bor

Nyu-York universitetida bir semestrda 400 ga yaqin kurs taqdim etiladi, ularning orasidan qiziqishingizga qarab 3 yoki 4 ta kursni tanlaysiz. Fanlarni o‘z xohishingizga ko‘ra saralaysiz, bu borada hech kim sizga bosim o‘tkazmaydi. Universitetda talabaning yangi bilimlarni o‘zi xohlab o‘rganishi birinchi o‘rinda turadi. Asosiy rakurs talabaning shaxsiy falsafasini kashf qilishga qaratiladi.

26 ta fakultet bor, dastlabki, ikki yil davomida bir fakultetdan boshqa fakultetga o‘qishni ko‘chirish mumkin. Ushbu tizimdan ko‘zlangan maqsad talabaning “ichki olovini yoqadigan” yo‘nalishini topa olishiga imkon yaratish. Masalan, birinchi kursda o‘zim IT va iqtisod sohasida o‘qishni tanlaganman. Shu fanlarning ichiga kirib o‘qib ko‘rganimdan so‘ng bu yo‘nalishda keta olmasligimni tushunganman.

Professorlar talabalar bilan hisoblashishga majbur

Universitetimizda kuchli professorlar dars o‘tadi, ularning orasida Nobel mukofotini qo‘lga kiritganlar ham bor. Vaqtini avvaldan rejalashtirsangiz, individual darslar ham tashkillashtiriladi. Mabodo biror fandan past ball olsangiz, professor sizni yoniga chaqirib, ruhiy holatingiz, muammolaringiz haqida gaplashadi, past baho olishingizga sabab bo‘layotgan holatga yechim berishga harakat qilishadi.

Agar darslarda o‘z ideologiyangiz professornikidan ustunligini aniq faktlar bilan isbotlab bera olsangiz, professor sizga qarshi chiqib, o‘z qarashida turib olmaydi. Bu tizim talabalarda tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi.

Har semestrda sayohat uchun 1000 dollar

Universitetning o‘ziga xos tomoni shundaki, talabalarga har semestrda boshqa davlatlarga sayohat qilish uchun 1000 dollar mablag‘ ajratiladi. Bu talabalarning global dunyoqarashga ega shaxs sifatida shakllanishi uchun ishlab chiqilgan tizim hisoblanadi. Shaxsan o‘zim bir yil ichida Gruziya, Turkiya, Ummon davlatlariga bordim va soham bo‘yicha tajriba to‘plab qaytdim.

Talabaning sog‘lig‘i eng muhim omil

Nyu-York universitetida talabalarga ovqatlanish uchun katta miqdorda pul tashlab beriladi. Ushbu mablag‘dan faqat taom sotib olish uchun foydalanish mumkin. Iqtisodiy salohiyati past mamlakatlardan kelgan talabalarning ko‘pi ovqat uchun berilgan pulni uyga jo‘natishlarini bilgan holda universitet rahbariyati mablag‘ faqat taom xarid qilishga yo‘naltirilgan tizim yaratgan. Universitet oshxonasidan tezpishar taomlar (fast-fud)ni topish qiyin, birinchi o‘rinda talabalarning sog‘lom va to‘yib ovqatlanishiga e’tibor qaratiladi. Har bir ovqat idishiga kaloriya va yog‘ miqdori yozilgan bo‘ladi, shu asosida taomlanishingizni tartiblab olishingiz mumkin.

Bir soat ishlaganga 11 dollar maosh

Universitetda birinchi kursdan o‘qishdan tashqari ishlashni boshladim. Karerani rivojlantirish markazida maslahatchi bo‘lib faoliyat yuritdim. Har soat ishlaganimga 11 dollardan pul to‘lashdi. Vazifam talabalarning rezyumelarini to‘ldirish, ularni ishga joylashish bo‘yicha intervyularga tayyorlashdan iborat. Haftada 14 soatdan ishlardim va bir semestrda jamg‘argan mablag‘im $2000 dan oshgan.

Tajribalarimni O‘zbekistonda qo‘llamoqchiman”

Universitetimizning 12 ta davlatda o‘z filiali mavjud. Istalgan birida talabalar bir semestr o‘qib kelishi mumkin. O‘zim 2025 yanvar oyida London va Nyu-Yorkda ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritdim.

Abu Dabi, London va Nyu-Yorkda o‘rgangan bilim va tajribalarim orqali O‘zbekistonning moliyaviy salohiyatini oshirishni maqsad qilganman. Mahalliy kompaniyalarda amaliyot o‘tash jarayonida sezdimki, mamlakatimizda kunlik aksiyalar sotilishi miqdori juda kam, investitsiyalarni jalb qilish borasida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar hali ko‘p.

To‘liq intervyuni Kun.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.

Operatorlar: Ziyaddin Mamatjonov, Sherzod Egamberdiyev

Montaj ustasi: Javohir G‘ayratov

source

Sizga ham yoqishi mumkin

+ There are no comments

Add yours