«Real» noqulay raqibga qarshi, ten Hagning taqdiri tikilgan o‘yin, Bundesligada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi.

Estimated read time 8 min read

Milliy jamoalarning navbatdagi o‘yinlari munosabati bilan tanaffusga chiqish oldidan klublar so‘nggi bahslarga kirishadilar. Ten Hagning taqdiri Birminghemda hal bo‘lsa, «Bavariya» g‘alabali seriyasiga o‘tgan yili yirik hisobda yutqazgan Frankfurtda qaytishiga to‘g‘ri keladi.

ReAL – VILYaRReAL (5 oktyabr, 23:55)

Umuman olganda o‘zaro uchrashuvlarda «Real»da yaqqol ustunlik bo‘lsa-da, so‘nggi yillarni oladigan bo‘lsak, taxmin qilish mumkin bo‘lgan natijalarni ko‘ramiz. Bu ikki jamoa o‘rtasidagi oxirgi 14 uchrashuvning atigi 5 tasida «Real» g‘alaba qozongan xolos, bu hatto «El Klasiko»dagi ko‘rsatkichlardan ham kam.  Madriddagi o‘yinlarni o‘zida ham masalan, so‘nggi to‘rt o‘yindan bittasida durang qayd etilgan bo‘lsa, bir uchrashuv mehmonlar g‘alabasi bilan yakunlangan. Agar bunga «Vilyarreal» mavsumni barqaror boshlab, «Real»dan atigi bir ochko kam jamg‘argan holda uchinchi o‘rinni egallab turganidan kelib chiqsak, mezbonlarga bu safar ham oson bo‘lmasligi shubhasiz. «Vilyarreal» La Ligada vaziyat yaratish bo‘yicha ham kuchli uchlikdan joy olgan, ya’ni ancha hujumkor va dadil jamoa – odatda, bu yilgi «Real» aynan shunday raqiblarga qarshi qiyinchiliklarga duch kelayotganini ta’kidlash lozim.

Garsiya shogirdlari bu mavsum safardagi 4 o‘yinning uchtasida bir xil 2:1 hisobida ustun kelishdi. Bir o‘yin durang bilan yakunlandi. Umuman jamoa faqat «Barselona»ga o‘z maydonida yutqazdi xolos. «Real» esa uy o‘yinlarini ishonchliroq o‘tkazmoqda – to‘rt o‘yinda to‘rt g‘alaba. Demak bugun qaysidir seriya tugashi aniq – yo «Real» ilk marta o‘z maydonida ochko yo‘qotadi yoki «Vilyarreal» safarda ilk mag‘lubiyatini totib ko‘radi.

Tarkiblarga kelsak, Kilian Mbappe muddatidan avval safga qaytdi va bugun ilk marotaba asosiy tarkibda harakat qilishi mumkin. «Lill»ga qarshi Chempionlar Ligasida u ikkinchi taymda zaxiradan maydonga tushirilgandi. Darvoqe, yevrokuboklar sababli «Real» raqibiga qaraganda kamroq dam olishga majbur bo‘lgani ham ushbu uchrashuvga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Mezbonlarda shuningdek, Kurtua va Dias yo‘q, David Alaba esa mashg‘ulotlarga qaytgani aytilmoqda, ammo asosiy tarkibga qay darajada tayyor ekani ma’lum emas. Jarohatlar borasida mehmonlarning holati anchagina yomon – Pedrasa, Suares, Foyt, Moreno, Pereslar har xolda asosiy tarkib futbolchilari sanalishadi.

ASTON VILLA – MANCheSTeR YuNAYTeD (6 oktyabr, 18:00)

Hali oktyabr boshlanmadi hamki, Erik ten Hag boshi uzra qora bulutlar yana paydo bo‘ldi – xuddi o‘tgan mavsumdagi holatni yodga soladi. Albatta, o‘tgan mavsumda muammolar ko‘proq bo‘lgani va jamoa jarohatlar girdobiga ilk bor tushayotgani uchun murabbiyga ishonch katta bo‘lgan. Ammo hozir, jarohatlar deyarli yo‘qligi, faol yozgi transferlardan so‘ng ham vaziyatning o‘nglanmasligi bosimni kundan kunga orttirmoqda. Ba’zi manbalarda «Portu» va «Aston Villa»ga qarshi o‘yinlar yakuniy qaror chiqarish uchun sinov muddati ekani haqida ko‘p yozilgan bo‘lsa-da, haqiqatdan yiroq bo‘lishi mumkin. Ammo har qanday holatda ham bu o‘yin ten Hagga bo‘lgan munosabat uchun ancha ahamiyatli. «MYu» Portugaliyada yana tushunarsiz bo‘ldi – ikki to‘p bilan ustunlikni boy berish, so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolish, Fernandeshning navbatdagi qizil kartochkasi, xullas, hammasi Birminghemdagi o‘yinda ko‘rinishi kerak.

Boshqa tarafdan, Unai Emerining «Aston Villa»si negadir bu «MYu» uchun qulaydek. Oxirgi 4 o‘zaro o‘yinda Erik ten Hag g‘alaba qozongan. Hatto o‘tgan yilgi juda yomon mavsumda ham manchesterliklar har ikki o‘yinda ham uch ochko olgani jumboq. Unai Emeri «Aston Villa»ga kelganidagi ilk o‘yinlardan biri aynan «MYu»ga qarshi g‘alaba bilan yakunlangan. Shundan so‘ng, natijalar to‘liq «iblislar» tomonga o‘tib ketdi.

Mehmonlarga umid berishi mumkin bo‘lgan yana bir jihat shundaki, «Aston Villa» bu mavsumda hozircha o‘tgan yildagi kabi dahshatli salohiyatni ko‘rsata olmayapti. Jamoa 6 o‘yindan 4 tasini o‘z foydasiga hal qilib, 5-pog‘onadan joy olgan bo‘lsa-da, g‘alabalar juda qiyinchilik bilan, ko‘pincha hisobda orqada borayotib qo‘lga kiritilmoqda. Hal qiluvchi gollar ham ikkinchi bo‘limda, vaziyat izdan chiqib, o‘yin rejasidan tashqariga chiqib ketilib bo‘lgan pallalarda «Aston Villa» ba’zi futbolchilarning individual gollari evaziga ochkolar olmoqda. Aynan taktik jihatdan raqiblarini yengishga o‘rganib qolgan Emeri bu holatda u qadar xursand emasligi shubhasiz.

«Bavariya»ga qarshi o‘yin aynan shu jihatdan «Aston Villa»ga foyda bo‘ldi deyish mumkin. Nihoyat birinchi marta jamoa ma’lum taktika va reja asosida maydonga tushib, shu orqali kerakli natijani qo‘lga kiritdi. Aks holda o‘tgan hafta Ipsvichdagi durangdan so‘ng futbolchilarning kayfiyati ancha tushib ketgandi, Boshqa tarafdan, tilga olingan irodali g‘alabalar shuni ko‘rsatadiki, «Aston Villa» yaxshi boshlanmagan o‘yinlarda ham burilish yasash qobiliyatiga ega – bu esa «Manchester Yunayted»ga qarshi ayni muddao. Manchesterliklar ustunlikni boy berish bo‘yicha Angliyada eng «yaxshi»lardan biri bo‘lsa kerak.

Jarohatlarga keladigan bo‘lsak, mehmonlar tarkibida ikki chap qanot himoyachisidan boshqa hamma maydonga tushishi mumkin. Maunt va Maynuda kichik jarohatlar bor edi, ammo ikkisi ham mashg‘ulotlarda ishtirok etishmoqda. O‘tgan turda qizil kartochka olgan Bruno Fernandesh bo‘yicha shikoyat ijobiy hal qilindi va «Tottenhem»ga qarshi o‘yinni qaytarib bo‘lmasa-da, jamoa sardorining diskvalifikatsiyasi bekor qilindi. Mezbonlar tarkibida Remzi, Makginn, Kamara, Mingz kabi futbolchilar maydonga tusha olishmaydi. Shuningdek, Amadu Onana «Bavariya»ga qarshi o‘yinda jarohat tufayli uchrashuvni tark etgandi, ammo katta ehtimol bilan u ushbu o‘yinga tayyor bo‘ladi.

BRAYTON – TOTTeNHEM (6 oktyabr, 20:30)

«Old Trafford»dagi o‘yinning birinchi taymida «Tottenhem» nafaqat ushbu mavsumdagi, balki umuman Posteko‘g‘li qo‘l ostidagi eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatdi deb bemalol aytish mumkin. O‘ta faol pressing, yovvoyi tezlik, futbolchilarning ham to‘p bilan ham to‘psiz harakatlanishi o‘ta yuqori darajada edi – idealda murabbiy «Tottenhem»ni aynan o‘sha o‘yindagi kabi ko‘rsa ajab emas. Ammo boshqa tarafdan, o‘sha o‘yindagi holatda «MYu»ning xatolarining ham ta’sir bor, ya’ni «Tottenhem» haqiqiy imtihonni aynan Braytonda topshirsa ajab emas. Angliyaning eng yaxshi bil-aplaridan biriga ega bo‘lgan jamoaga qarshi ham pressing o‘sha darajada ish beradimi? Bu savolga javob topishimizga ko‘p vaqt qolmadi.

Masalan, avvalgi murabbiylar qo‘l ostida ancha himoyaviy bo‘lgan va qarshi hujumlarga tayangan «Tottenhem»ning «Brayton»ga qarshi o‘yinlari muvaffaqiyatli kechgan, ko‘p marta aynan qarshi hujumlar yordamida kerakli natijani qo‘lga kiritib kelgan. Ammo yangi uslubga o‘tgach, vaziyat o‘zgardi – o‘tgan mavsumda «Brayton» maydonida kechgan o‘yinda mezbonlar dastlabki soatda javobsiz  4 gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Faqat so‘nggi daqiqalarda mehmonlar ikki gol urib hisobni qisqartirishgan. Demak, bu safar Posteko‘g‘li qanday javob o‘ylab topishi qiziq. «Brayton»da murabbiy o‘zgargan bo‘lsa-da, uslub jihatdan deyarli hammasi o‘z o‘rnida.

Yo‘qotishlar borasida mezbonlarda vaziyat og‘irroq. March, Adingra, Pedro Jyezus, van Xakke, Milner kabi futbolchilar «Tottenhem»ga qarshi sheriklariga yordam bera olishmaydi. «Tottenhem» safida esa, yetakchi futbolchilardan biri Son Xyon Min faqat terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng tarkibga qaytsa kerak. Shuningdek, Risharlison ham tiklanib ulgurgani yo‘q.

Payshanba oqshomida «Tottenhem» Vengriyada Yevropa Ligasi o‘yinida maydonga tushdi. Londonliklar bu o‘yinda deyarli ikkinchi tarkib bilan harakat qilgan bo‘lishsa-da, Porro, Romero, Sarr to‘liq o‘ynadi, Meddison, Jonson, Kulushevski, Solankelar ikkinchi taymdan maydonga tushdilar. Rotatsiya kerakli paytda amalga oshirilgan bo‘lsa-da, bir hafta tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lgan raqibga qarshi albatta, qo‘shimcha o‘yin o‘z ta’sirini o‘tkazishi ehtimoli bor.  

AYNTRAXT – BAVARIYa (6 oktyabr, 20:30)

«Ayntraxt» dastlabki turda Dortmundda mag‘lubiyatga uchragandi, shundan so‘ng Bundesligida qatorasiga to‘rt marta g‘alaba qozondi. Yevropa Ligasida ham bir durang va bir g‘alabaga erishdi. Juda yaxshi formadagi «Ayntraxt» «Bavariya» uchun ancha xavfli raqibga aylanishi mumkin. O‘tgan yili Frankfurtda o‘tgan bahsda mezbonlar 5:1 hisobida g‘alaba qozonganini ham unutmagan bo‘lsangiz kerak. Ayni paytda «Ayntraxt» 12 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda, demak bu o‘yindagi g‘alaba Topmyuller shogirdlarini turnir peshqadamiga aylantiradi.

«Bavariya» esa Kompani qo‘l ostida ilk mini-inqirozni boshdan kechirmoqda. To‘g‘ri, jamoa durang bilan tugagan «Bayyer»ga qarshi o‘yinda ham, mag‘lubiyatga uchralgan Birminghemdagi uchrashuvda ham yetarlicha ustunlikni namoyish qildi, ammo har o‘yinda o‘rtacha 4-5 gol urib kelgan futbolchilarning ishonchiga o‘ziga yarasha zarba deyish mumkin. Axir «Bavariya» oxirgi 2 o‘yinda atigi bir gol urishni uddaladi xolos. «Bavariya» bu o‘yindan keyin yana bir kuchli jamoa bo‘lmish «Shtutgart»ga qarshi o‘ynaydi, keyin esa Barselonada mehmon bo‘ladi. Aytish mumkinki, Vinsen Kompani top-jamoa murabbiyi sifatida ilk sinovdan o‘tadi. «Byornli»da vaziyatni o‘nglash oson, umuman o‘nglamasdan ham yaxshi murabbiy sifatida qolish mumkin, ammo har o‘yinda g‘alaba qozonish, ko‘p gol urish kerak bo‘lgan jamoani boshqarar ekansan, kichik muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng chiqib keta olish, shogirdlarni yana avvalgi jarayonga qaytarib olishni uddalashing kerak. Inqiroz cho‘zilgan sari vaziyatni o‘nglash tobora qiyinlashib ketishi ham sir emas, buni «Bavariya»ning avvalgi murabbiylari juda yaxshi bilishadi.

Buning ustiga, aynan hujumlarni tashkil qilishda eng ahamiyatli figura bo‘lgan Jamal Musiala jarohat oldi va shu oyning oxirigacha safga qayta olmaydi. Musialasiz xavfli vaziyatlar yaratishni tizimga qo‘yib olish ham oson emas, bu ishni kuchli raqibga qarshi amalga oshirish yanada qiyinlashib ketishi turgan gap.

Yana bir qiziq fakt. Bundesligada ushbu mavsum «Bavariya» safardagi barcha o‘yinlarni o‘z foydasiga hal qildi. O‘z navbatida «Ayntraxt» uy o‘yinlarida yuz foizlik ko‘rsatkichga ega.  

BOShQA O‘YINLAR

5 oktyabr. Kristal Pelas – LIVeRPUL (16:30), BAYYeR – Xolshteyn Kiyel (18:30), Union – BORUSSIYa (18:30), ARSeNAL – Sauthempton (19:00), MANCheSTeR SITI – Fulhem (19:00), INTeR – Torino (23:45)

6 oktyabr. YuVeNTUS – Kalyari (15:30), CheLSI – Nottinghem Forest (18:00), Alaves – BARSeLONA (19:15), Monsa – ROMA (21:00), Fiorentina – MILAN (23:45), Nitssa – PSJ (23:45), Real Sosedad – ATLeTIKO (23:55).

source

Sizga ham yoqishi mumkin

+ There are no comments

Add yours