«Bemisl eskalatsiya». Isroil Eronning raketa zarbasiga qanday reaksiya qilishi mumkin va Tehronning keyingi qadami qanday bo‘ladi?.

Estimated read time 6 min read

Yaqin Sharq yana so‘nggi 45 yil davomida bir-biriga qarshi turgan ikki ashaddiy raqib o‘rtasidagi halokatli urush yoqasida turibdi. Hozir – butun mintaqa uchun eng xavfli pallalardan biri.

1979 yilda shoh hokimiyati ag‘darilgach, islom respublikasiga aylangan Eron anchadan buyon o‘zi «sionistik rejim» deb ataydigan Isroil davlatini yo‘q qilishga va’da berib keladi. Isroil Erondagi Islom inqilobi muhofizlari korpusini Yaqin Sharqda o‘z ittifoqchilari va vositachilari orqali zo‘ravonlikni yoyishda ayblaydi, ayrim arab davlatlari poytaxtlari, xususan, Ar-Riyoddagilar bu yondashuvni to‘g‘ri qabul qiladi.

Tehrondagilar «Hizbulloh» va Hamas yetakchilari Hasan Nasrulloh va Ismoil Haniyaning o‘ldirilishiga javob deb e’lon qilgan raketa zarbalari — javobsiz qoldirilishi dargumon. Eronning Isroil tomonidan javob zarbasi berilgan taqdirda keyingi keskinlashuvga tayyorligi to‘g‘risidagi bayonoti, aftidan, isroillik harbiylarni to‘xtata olmaydi, ammo bu Tehronning tahdidlarini jiddiy qabul qilmaslik kerak degani emas.

Buyog‘iga nima bo‘lishi mumkin?

Isroil ham, uning eng yaqin ittifoqchisi AQSh ham Isroil hududi o‘qqa tutilgani uchun Eronni jazolashni va’da qilmoqda. «Eron katta to‘lov qiladi», — degan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu.

Eron aprel oyida Damashqdagi konsulxonasiga qilingan hujum oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining bir necha yuqori martabali zobitlari halok bo‘lganiga javoban Isroilni o‘qqa tutganida, g‘arbdagi ittifoqchilar qat’iylik bilan Isroilni tiyilishga chaqirgandi. Bu safar ham shu kabi chaqiriqlar yangradi, ammo avvalgi kabi baland ovozlarda emas.

To‘g‘ri, AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilning Erondagi yadroviy obektlar bo‘ylab ehtimoliy zarbasini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi va AQSh «isroilliklar bilan ular nima qilishlari muhokama qilishi»ni bildirdi.

Shuningdek, Bayden G7 davlatlari yetakchilari bilan maslahatlashgani va ularning barchasi Isroil «javob berishga haqli ekani, ammo bu proporsional javob bo‘lishi lozim» degan fikrdaligini aytgan.

«Bu Eron tomonidan misli ko‘rilmagan darajadagi eskalatsiya bo‘lgani ko‘rinib turibdi, — degan AQSh Davlat departamenti vakili Metyu Miller. — Isroil bunga javob berish huquqiga ega. Biz bu javob qanday bo‘lishini muhokama qilamiz».

Eron 1 oktyabr kuni uchirgan raketalarning aksari urib tushirilgan

Hozirda Isroil harbiy kabinetidagilar uchun vazminlik birinchi o‘rinda turmayapti — ayniqsa, isroillik harbiylar Livanda «Hizbulloh»ga qarshi quruqlik amaliyoti boshlagani va Yamanda husiychilarga zarbalar berayotgani hisobga olinsa.

BBC’ning xalqaro bo‘limi muharriri Jyeremi Bouen apreldagi zarbadan farqli o‘laroq, o‘shanda Eron bu haqda oldindan ogohlantirgandi, bu safar, aftidan, Tehron Isroilga jiddiyroq zarar yetkazishni ko‘zlagandi. Va shunga mos ravishda, bugungi kunda Isroildagi vaziyat ham butunlay boshqacha.

Isroilning sobiq bosh vaziri (ehtimol, keyingisi ham) Naftali Bennet bir kun oldin X ijtimoiy tarmog‘ida keskin ohangda shunday yozdi: «Bu Yaqin Sharqning qiyofasini o‘zgartirish uchun  50 yil ichidagi eng katta imkoniyat». U Isroil «bu terrorchilik rejimiga ajalvor jarohat yetkazish» uchun Eronning yadroviy obektlariga zarba berish lozim deb hisoblaydi.

Aftidan, Netanyahu hukumati o‘zini tiymoqchi emas va harbiylar Eronga zarba berish yoki bermaslikni emas, qanchalik vayronkor zarba berishni muhokama qiladi.

Bundan tashqari, «Hizbulloh»ga qarshi amaliyotning ilk haftalarida Tehron o‘zining «birinchi mudofaa chizig‘i»dan mahrum bo‘ldi, deb hisoblaydi Bouen. Guruh boshsiz qolgan, o‘zi jangovar qobiliyatini butunlay yo‘qotmagan bo‘lsa-da, Isroil va AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, uning qurollarining yarmi yakson etilgan.

BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha sharhlovchisi Frenk Gardnerning qayd etishicha, «Mossad»ning sa’y-harakatlari va AQShning sun’iy yo‘ldosh razvedkasi ma’lumotlari evaziga Isroil mudofaa armiyasi Erondagi nishonlarning ancha keng ro‘yxatiga ega. Ularni shartli ravishda uch toifaga ajratish mumkin.

Birinchisi — Eron qurolli kuchlari. Dastlabki va yaqqol nishonlar Eron ballistik raketalar uchiradigan bazalar — uchirish maydonlari, boshqaruv markazlari, yonilg‘i saqlash joylari hamda o‘q-dorilar yashirilgan bunkerlar bo‘ladi. TsAHAL oddiy bazalar bilan cheklanmasligi ham mumkin: Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazalari, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa raketa batareyalari ham zarba ostida qolishi ehtimoli bor. Shuningdek, Isroil Eron raketa dasturiga aloqador bo‘lgan muhim shaxslar yoki armiya hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbariyati a’zolariga ham aniq zarbalar berishi mumkin.

Ikkinchi toifa — Eron iqtisodiyoti infratuzilma obektlari. Bular neft-kimyo korxonalari, energetika obektlari, kemalar turadigan hududlar va portlar ham bo‘lishi mumkin. Ammo bu holda iqtisodiy nishonlar bo‘ylab zarbalar oddiy fuqarolarga jiddiy zarar yetkazishi hamda mamlakatda vatanparvarlik kayfiyatini kuchaytirishi ehtimolini ham inobatga olish kerak bo‘ladi.

Uchinchi toifa — Eron yadro dasturiga aloqador obektlar. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik allaqachon Eronda uranni boyitish hajmi fuqarolik energetikasi uchun zarur bo‘lganidan sezilarli darajada oshib ketayotganini aniqlagan. Isroil esa anchadan buyon Tehronni yadroviy qurol yaratishga harakat qilishda gumonlaydi. Bu toifadagi nishonlar ro‘yxatidan Eronning Parchindagi harbiy yadro dasturi markazi, Tehron, Benab va Ramsardagi tadqiqot reaktorlari, shuningdek Busher, Netenz, Isfahon va Firdavsiydagi yirik obektlar o‘rin olishi mumkin.

Isroil shtabidagilar uchun muhim vazifa Eronning javob choralarini va ularga qarshi turish imkoniyatlarini to‘g‘ri hisoblash bo‘ladi. Tehrondagilar Isroil bo‘ylab raketa zarbalari o‘z maqsadlariga erishgani va bu qarama-qarshilikda «hisobni tenglashtirgani», shuning uchun, agar Isroil Eron bo‘ylab zarbalar yo‘llaydigan bo‘lsa, keyingi javob yanada kuchliroq bo‘lishini bildirgan.

«Bu bizning imkoniyatlarimizning faqat bir qismi», — degan Eron prezidenti Ma’sud Pizishkiyon. Islom inqilobi muhofizlari korpusi ham jim turmagan va shunday degan: «Agar sionistik rejim Eronning amaliyotiga javob qaytarsa, uni halokatli zarbalar kutadi».

Eron Isroilni harbiy yo‘l bilan tor-mor eta olmaydi: uning harbiy-havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa kuchlari G‘arb va Isroilning zamonaviy harbiy texnikalari bilan kurasha oladigan holatda emas. Bunda o‘nlab yillardan buyon amalda bo‘lgan iqtisodiy sanksiyalarning ham o‘rni bor.

Ammo Eron katta miqdordagi ballistik va boshqa raketalar hamda dronlarga ega, shuningdek, butun Yaqin Sharq mintaqasida ko‘plab harbiylashgan tuzilmalarni u yoki bu shaklda nazorat qiladi. Keyingi raketa zarbalari nishoni harbiy obektlar emas, balki Isroilning aholi yashovchi hududlari bo‘lishi mumkin. Eron tomonidan qo‘llanadigan ayirmachilarning 2019 yil Saudiya Arabistonidagi neft obektlariga hujumlari uning qo‘shnilari bunday hujumlar qarshisida naqadar ojizligini ko‘rsatib qo‘ygandi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusining Fors ko‘rfazida harakatlanuvchi harbiy-dengiz kuchlari kichik, lekin tezyurar raketali katerlarning yirik flotiliyasiga ega, bu flotiliya to‘liq kuch bilan hujumga o‘tganda Amerikaning mazkur hududdagi 5-floti mudofaasini yorib o‘tishi va uning kemalariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, Eron jahon neft eksportining beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashtirishi og‘ir oqibatlarga olib keladi.

AQShning Fors ko‘rfazida, Kuvaytdan Ummonga qadar bo‘lgan hududlardagi harbiy bazalari ham Eron raketalari nishoniga aylanishi ehtimoli bor. Tehron allaqachon agar o‘ziga zarba berilsa, bunga javoban nafaqat Isroilni, balki o‘ziga hujum uchun aloqador deb hisoblagan har qanday mamlakatga javob zarbalari yo‘llashini e’lon qilgan.

Ko‘rinishidan, prezident Bayden shunday ssenariyga tayyor turish uchun mintaqaga yana bir jangovar aviatashuvchi guruhni yuborib, Tehronga shuni tushuntirmoqchi bo‘lmoqda: Isroilga zarba, AQShga ham zarba deb hisoblanadi.

«Shuni yodda tuting, Qo‘shma Shtatlar Isroilni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi», — degan Bayden. Endi savol shundaki, Isroil va uning ortidan Eron bu bayonot rostligini sinab ko‘radimi?

source

Sizga ham yoqishi mumkin

+ There are no comments

Add yours