Antikorrupsiya agentligi tadbirkor rektor ustidan vazirlikka taqdimnoma kiritdi.

Estimated read time 2 min read

Agentlik “Qamchiqavtoyo‘l” o‘tkazgan tanlovda g‘olib bo‘lgan MChJ Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori Bahrom To‘laganovga tegishli ekanini aniqlagan. Tadbirkor rektor yana bir MChJda 26 foizlik ulushga egalik qilgan.  

Foto: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori Bahrom To‘laganov bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanib kelgan. Bu haqda agentlik matbuot kotibi Sherzod Saparov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, agentlik “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori Bahrom To‘laganovga tegishli firma ishtirok etgani haqidagi xabarlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazgan. 

“O‘rganishda B.To‘laganov haqiqatan ham bir vaqtning o‘zida mazkur tanlov g‘olibi «B-TEC» MChJning yagona ta’sischisi ekani, shuningdek, «INTRABAU» MChJda ham ulushga egaligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Mazkur holatda B.To‘laganov tomonidan qator qonunchilik hujjatlari talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qayd etilgan qonunbuzilishi holatini bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.

Avvalroq, agentlik o‘tkazgan o‘rganishlarda Transport, Madaniyat hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 116 nafar boshqaruv xodimlari tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangandi

Ma’lumot uchun, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga asosan «davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari bo‘lishi mumkin emasligi», belgilangan.

Shuningdek, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.

source

Sizga ham yoqishi mumkin

+ There are no comments

Add yours