“Tolibon” bilan murosaga qadam: Dohadagi anjumanda nimalar gaplashildi?.

Estimated read time 7 min read

Qatar poytaxti Dohada, BMT shafeligida Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchilar va “Tolibon” vakillarining ikki kunlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, anjumanda qaysi mavzular muhokama qilindi? Bu uchrashuvlar “Tolibon”ning xalqaro tan olinishi boshlanganini bildiradimi?

“Geosiyosat”da mavzu atrofidagi savollarga siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Hamza Boltayev javob berdi.

— Tan olinmagan «Tolibon» va xalqaro hamjamiyat uchun Dohadagi uchrashuvning asosiy maqsadi nima edi?

Hamza Boltayev: — Bu safargisi uchinchi davra suhbatlari bo‘ldi. BMT bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan g‘oya bu, 2023 yil may oyida birinchi muhokamalar bo‘lgandi, ikkinchisi joriy yil boshida bo‘ldi. BMT va «Tolibon» rasmiylari pozitsiyalari o‘rtasida farqlar bor.

BMT Afg‘oniston ichida, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda tinchlikni ta’minlash; xalqaro hamjamiyat bilan integratsiyani kuchaytirish, inson huquqlari, ayollar huquqlarini ta’minlashni talab qilyapti.

«Tolibon» esa biz Afg‘onistonning moliyaviy tizimi va bank tizimidagi cheklovlarni kamaytirish va shu sohalarni muhokama qilmoqchimiz, deydi. Ikkinchisi, narkotik moddalarni yetishtirishni taqiqlash bo‘yicha, shu yo‘nalishda xalqaro hamjamiyat ko‘magida muammoga yechim topish. Uchinchisi, «Tolibon» bilan o‘zaro hamkorliklarga rasmiy nom berish.

Ilgari xalqaro hamjamiyat «Tolibon»ni tan olmaymiz deb shartlariga ko‘nmagan bo‘lsa, bugun «Tolibon» o‘z shartlari bo‘yicha xalqaro hamjamiyatni muzokaralarga jalb qila olyapti. Qaysidir ma’noda bu «Tolibon»ning talablari bilan hisoblashish boshlanganining bir ko‘rinishi.

Bu «Tolibon»ni tan olish uchun uchrashuv emas. «Tolibon»ni siyosiy kuch sifatida tan olish statik holat emas, bu jarayon. Jarayon shunday bo‘lyaptiki, «Tolibon» birinchi suhbatga jalb qilinmadi, ikkinchisiga jalb qilishga harakat qilishdi, lekin harakat bunga ko‘nmadi, uchinchisida esa «Tolibon» qatnashdi va uning talablari muhokama qilindi.

— «Tolibon»ning talabi nima va BMT bilan kelisha olmayotgan nuqtalar qaysilar?

Kamoliddin Rabbimov: — «Tolibon» 3 yil oldin hokimiyatga kelganidan beri unga nisbatan xalqaro hamjamiyat muttasil bir qancha talablar qo‘yib keladi: xotin-qizlar huquqini ta’minlash, inklyuziv hokimiyat shakllantirish va boshqa bir qancha talablar. Talablardan yana biri – bundan buyon Afg‘oniston terrorchi guruhlar uchun makon bo‘lmasligi, barqaror rivojlanishi kerak. Bu bo‘yicha «Tolibon» va’da bergan. Narkotik moddalar yetishtirish, sotishni cheklash bo‘yicha jonbozlik ko‘rsatyapti.

Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat «Tolibon»ni de-fakto Afg‘oniston hokimiyati sifatida ko‘ryapti. O‘tgan 3 yilda «Tolibon» o‘zini mas’uliyatli, Afg‘onistonni yaxlit boshqarayotgan kuch sifatida ko‘rsata oldi. «Tolibon» hokimiyatga kelsa, ommaviy, keskin repressiyalar bo‘ladi, etnik to‘qnashuvlar avj oladi degan tasavvur bor edi. O‘tgan 3 yilda Afg‘onistonga berilayotgan xalqaro yordam ko‘lami ancha kamaydi. Lekin ijtimoiy portlash bo‘lgani yo‘q, ya’ni «Tolibon» o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatni amalga oshirishga harakat qilyapti. Albatta, vaziyat hozir ham tang, oziq-ovqat inqirozi bor, ocharchilik, to‘yib ovqat yemaslik bor.

«Tolibon» hokimiyatini saqlab qolish uchun Dohadagi uchrashuvlarda 2 masala qo‘ydi. Birinchisi, mamlakatga gumanitar yordam berilishi kerak.. Chunki agar ijtimoiy portlash bo‘lib, fuqarolar urushi boshlansa, bu hech kimning manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston ham shu pozitsiyada. Ikkinchisi, investorlarni olib kirish, katta loyihalarni amalga oshirishga harakat qilyapti. «Tolibon»ning bu hokimiyati ancha pragmatik sifatida o‘zini ko‘rsatyapti.

— Sanksiyalar yechilishiga ishonish mumkinmi?

Hamza Boltayev: — Voqealar jarayoni shuni ko‘rsatyaptiki, xalqaro hamjamiyat qat’iy pozitsiyalaridan yumshab, «Tolibon» bilan murosa qilish, suhbatlar o‘tkazish yo‘lidan boryapti, buni o‘zgarishlar boshlanishi deyish mumkin. Agar shunday davom etsa, Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar uning hokimiyatini tan olishi mumkin. Masalan, Xitoy bilan munosabatlari yaxshi. Xitoy G‘arbning pozitsiyasiga teskari pozitsiya bildiradi, shu kuzatilyapti. Si Jingping Afg‘onistonning Xitoydagi elchisidan ishonch yorlig‘i oldi. Markaziy Osiyoda ham Qozog‘iston, Turkmaniston bilan munosabatlar yaxshilanyapti, keskin qaragan Tojikistonning ham munosabati o‘zgaryapti. Rossiya ham «Tolibon»ga nisbatan munosabati o‘zgaryapti. Barcha tendensiyalar kelajakda «Tolibon»ning tan olinishi yoki pragmatik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish sari ketyapti.

— «Tolibon»ning Dohadagi uchrashuvlarda ishtirok etishi xalqaro tan olinishning boshlanishi deyish mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Jarayon ketyapti, qudratli davlatlar ikki lagerga bo‘lingan. AQSh va G‘arbiy Yevropa boshqa masalalar bilan band, lekin «Tolibon» borasidagi vetolari nisbatan yumshagan. Chunki «Tolibon» hokimiyatga kelganda katta repressiyalar, chayqalishlar boshlanadi, degan fikr bor edi. 1996-2001 yillardagi «Tolibon» hokimiyati modernizm, globallashuvga, masalan televideniyega qarshi kurashgandi. Bugungi «Tolibon» bunday qilmayapti.

Ikkinchidan, AQSh «Tolibon» bilan 20 yil urishgan bo‘lsa ham, uning Afg‘onistonga ta’siri ancha yuqoriligicha qolyapti. Bir necha oy oldin Qatar orqali Eronning muzlatilgan pullarining bir qismi qaytarildi. «Tolibon» bilan ham muloqot ketyapti, o‘sha muzlatilgan 7 mlrd dollarni «Tolibon»ga qaytarish ehtimoli oshib boryapti. Afg‘onistonga berilayotgan yordam ham to‘liq to‘xtagani yo‘q, ozmi-ko‘pmi yordam berilyapti.

O‘zbekistonning strategik manfaatlaridan biri – Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik bo‘lishi. Shunda bizning janubiy logistik yo‘limiz ochiladi. Bu Rossiyaning logistika monopoliyasidan chiqishning bir yo‘li.

Yana bir muhim jihati shundaki, Afg‘onistonda millionlab o‘zbeklar yashaydi, ular diaspora emas, ular oldindan o‘sha yerda yashaydigan o‘zbeklar. Alisher Navoiy ham hirotlik bo‘lgan. Afg‘onistonda kamida 6-7 mln o‘zbek bor deyiladi, lekin etnik o‘zbek bo‘lgan «Tolibon» vakili BBC’ga bergan intervyusida mamlakatda 10 mlndan ortiq o‘zbeklar borligini aytgan.

Hamza Boltayev: — «Tolibon»ga O‘zbekistonning munosabati qanday bo‘lishi kerak? Hozirgi rasmiy siyosatimizni qo‘llayman, lekin bizda kichik davlatlar kompleksi bor, deb o‘ylayman tashqi siyosatimizda. Ya’ni katta davlatlarning xatti-harakatiga qarab ish ko‘rish bordek tuyuladi menda. Bu bilan keskin harakat qilish kerak demayapman. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda tashabbuskor bo‘lib, harakat qilishimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor. Masalan, Qo‘shtepa kanali masalasi. Bu bo‘yicha suvdan foydalanishni tartibga solish uchun bizning munosabatlarga cheklangan rasmiylik berilishi kerak. Tan olish emas, cheklangan rasmiy tus berish orqali shu ishni amalga oshirishimiz kerak. Ya’ni bunda maqsadli ravishda bir masalaga rasmiy nom berish bo‘ladi. Tarixda xalqaro munosabatlarda bunday holat bo‘lgan.

Kamoliddin Rabbimov: — Turli doiradagi rasmiylarimiz «Tolibon» bilan doimiy muloqotda-ku, faqatgina prezident darajasida muloqot bo‘lgani yo‘q.

Hamza Boltayev: — Aynan o‘sha Qo‘shtepa kanali masalasida rasmiy majburiyat yuklashimiz uchun rasmiylik maqomi kerak.

Kamoliddin Rabbimov: — Ikki tomondan Qo‘shtepa kanali bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilib, intensiv muzokaralar ketyapti bu masalada.

Hamza Boltayev: — Qoniqmayotganim shundaki, bunda tomonlar bir-biriga majburiyat yuklamaydi. Ayni shu masalada munosabatlarga rasmiy tus berish kerak. Kimningdir qadamini kutib o‘tirsak, biz yutqazamiz. Juda ham muhim masala bu.

— Dohadagi uchrashuvlardan biror real natija kutish mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Biror bir siyosiy kuchni tan olish jarayon bo‘ladi. «Tolibon» bilan muloqot ketyapti, 3 yil davomida reputatsiyasi shakllandi. Ular kelishuvga bormaydigan masalalarni ochiq aytyapti, ya’ni bizning qarashlarimiz, kodeksimiz bor deyapti. Lekin ular qilayotgan ishlar Islomga ham to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, xotin-qizlarni ta’lim olishdan mahrum qilish boshqa islom davlatlarida yo‘q. Bu narsa faqat pushtunlarning talqini, to‘liq «Tolibon»ning ham emas. Lekin bu tafakkur o‘zgarib boradi, tarixda bunday o‘zgarishlar bo‘lgan. Ya’ni konservativ kuchlar hokimiyatga kelgach, boshida hamma narsani kuchli nazoratiga oladi, lekin vaqt o‘tishi bilan tafakkuri o‘zgaradi.

Doha uchrashuvlarida 2 ta format bo‘ldi: «Tolibon» bilan markaziy uchrashuvlar va o‘sha uchrashuvlar atrofidagi guruhlar uchrashuvi. U yerda inson huquqlari faollari, sobiq Afg‘oniston hukumati vakillari, xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi.

«Tolibon»ni tan olish – hozir jarayonda. Dunyoda qutblashuv ketyapti: AQSh va uning ittifoqchilari va global janub. Global janub Afg‘onistonni tan olishga yaqinroq turibdi.

Hamza Boltayev: — Dohadagi uchrashuvlarning oldingilarida G‘arb davlatlari va boshqa davlatlar talab qilayotgan xotin-qizlar huquqi, inklyuziv hukumat kabilar oldinga surilgan, hozirgisida esa «Tolibon» ilgari surayotgan masalalar ko‘rilyapti. Bu esa tan olish yoki hamkorlikka qarab ketayotgan tendensiya rivojlanishini ko‘rsatadi.

Lekin «Tolibon» aybsiz hukumat emas. Ayollar uchun ta’lim cheklanishi, chet elga chiqqan ayollar turmush o‘rtog‘i yoki oiladagi biror erkak bilan chiqishi, ayollarning xalqaro tashkilotlarda ishlashi, to‘garak va shunga o‘xshash joylarga borish taqiqlangan. Bu narsa islomga ham, Afg‘onistonning o‘zining tarixiy qadriyatlariga ham to‘g‘ri kelmaydi.

«Tolibon» hukumatida ham bo‘linish bor. «Tolibon»ning yuqori diniy ulamolari o‘zining kayfiyatiga qarab qarorlar chiqaradi odatda. Pokiston, Turkiya, Xitoyda «Tolibon» va Afg‘oniston vakillari bilan suhbatimizda ular aytishdiki, ko‘pgina «Tolibon»ning yuqori mansabdorlari ham xotin-qizlarga bo‘layotgan bu cheklovlardan norozi. Bu norozilik eng yuqoridagilar tomonidan bostirib turilibdi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

source

Sizga ham yoqishi mumkin

+ There are no comments

Add yours